“Yashnobod” innovatsiya texnoparkida Eron delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
31.10.2025
“Yashnobod” innovatsiya texnoparki direktori Sh. Abdulxamidov Eron Islom Respublikasidan tashrif buyurgan tadbirkorlar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiyalarni jalb etish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, texnopark tomonidan tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozli shart-sharoitlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, rezident korxonalar uchun soliq va bojxona imtiyozlari, qulay ish maydonlari hamda infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etilayotgani ta’kidlandi. Uchrashuvda, shuningdek, intellektual mulk sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarga alohida e’tibor qaratildi. “Yashnobod” innovatsiya texnoparki huzurida faoliyat yuritayotgan 2-darajali Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi (TIQQM) orqali tadbirkorlik subyektlariga patent olish, mualliflik huquqlarini rasmiylashtirish hamda intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish bo‘yicha professional maslahat xizmatlari ko‘rsatilayotgani qayd etildi. Eronlik tadbirkorlar O‘zbekistonda, xususan “Yashnobod” innovatsiya texnoparkida yaratilgan qulay investitsion muhit, innovatsion rivojlanish ekotizimi va intellektual mulkni himoya qilish infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdilar.