“Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidentligiga qabul qilish bo‘yicha komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
01.04.2026
Yig‘ilishda innovatsion loyihalar asosida faoliyat yurituvchi quyidagi korxonalar o‘z taqdimotini o‘tkazdilar:
“Toshkent Mintaqaviy Paxta Terminal” MChJ — do‘konlar va omborlarda tovarlar harakatini real vaqt rejimida nazorat qiluvchi “Aqlli innovatsion polka va ombor hisobini avtomatlashtirish tizimi (Smart Shelf & Smart Warehouse)” loyihasi;
“Big Bag Production” MChJ — mahalliy xomashyodan innovatsion polipropilen qoplar, ko‘p filamentli iplar va quyoshdan himoya qiluvchi to‘rlarni ishlab chiqarish loyihasi;
“INNO INDUSTRY GIPS” MChJ — energiya tejamkor, ekologik toza, issiqlik va tovush izolyatsiyasi yuqori bo‘lgan gips plitalarni ishlab chiqarish texnologiyasi loyihasi;
“Chust Mash” MChJ — an’anaviy beton mahsulotlar o‘rniga yuqori mustahkam kompozitsion materiallardan yengil va korroziyaga chidamli drenaj suv chiqarish lotoklarini ishlab chiqarish loyihasi.
Tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qurilish sohasida energiya tejamkor va bardoshli materiallardan foydalanishga qaratilgan. Komissiya qaroriga ko‘ra, ushbu korxonalarga 1 yil muddatga texnopark rezidenti maqomi berildi.
Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlar “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidentiga aylangan holda qonunchilikda belgilangan tegishli imtiyozlarga ega bo‘lishadi.
Telefon: (71) 269-49-52, (94) 622-14-51.
Manzil: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Majnuntol ko‘chasi, 5-uy.