“Yashnobod” innovatsiya texnoparkining 2025-yildagi natijalari
01.01.2026
2025-yil davomida texnopark tomonidan innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida texnopark rezidentligiga qabul qilish bo‘yicha 80 ta ariza kelib tushdi. Shulardan 38 ta korxona texnopark rezidenti sifatida qabul qilindi. Rezidentlar faoliyati doirasida 840 ta yangi ish o‘rni yaratilib, aholi bandligini ta’minlab kelinmoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2025-yilda texnopark rezidentlari tomonidan 573,3 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shundan 10,6 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinib, 434,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar ichki bozorda realizatsiya qilindi.
Xalqaro va mahalliy hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida 2025-yilda 6 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Jumladan, “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi, “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati, “UAIDE” universiteti, Janubiy Koreyaning “Kyongnam” innovatsiya texnoparki, MDH davlatlararo ilmiy markazi hamda “Changwon” milliy universiteti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2025-yilda texnopark rezidentlari va tadbirkorlar uchun biznes arxitekturasi, inqiroz sharoitida biznesni boshqarish, boshqaruv strategiyasi, muzokaralar olib borish texnologiyalari, moliyaviy hisob va brend yaratish yo‘nalishlarida amaliy xizmatlar ko‘rsatildi.
Raqamli savdoni rivojlantirish doirasida Innomarket.uz onlayn ko‘rgazma platformasida 82 ta tadbirkor mahsuloti joylashtirildi. Shuningdek, Glotr.uz platformasi orqali rezidentlar mahsulotlari sotuvga chiqarildi hamda texnoparkning rasmiy veb-sayti ishga tushirildi.
Bundan tashqari, texnopark 2025-yilda InnoteX–2025, InnoWeek–2025, EcoExpo Central Asia–2025, O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi va Namangan ko‘rgazmasi kabi yirik xalqaro va respublika tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Mazkur natijalar texnopark faoliyatining samaradorligini oshirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning innovatsion rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.