“InnoWeek – 2025” doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
16.10.2025
“InnoWeek – 2025” doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
MDH davlatlariaro taʼlim va akseleratsiya boʻyicha Kompetensiyalar markazi va “Yashnobod” innovatsion texnoparki oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan MDH davlatlariaro taʼlim va akseleratsiya boʻyicha Kompetensiyalar markazi rahbari Arseniy Uralov hamda “Yashnobod” innovatsion texnoparki direktori Shohjahon Abdulhamidov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar mazkur bitimning ahamiyatiga toʻxtalib, hujjatning MDH davlatlari oʻrtasida 2030-yilgacha moʻljallangan innovatsion hamkorlik boʻyicha Davlatlararo dasturni amalga oshirishda hamda hamkorlik munosabatlarini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Bitimdan koʻzlangan maqsad – MDH davlatlari oʻrtasida innovatsion hamkorlik dasturi doirasida ilmiy va ilmiy-texnik subyektlarga tadqiqotlar, ishlab chiqish va natijalarni tijoratlashtirishga koʻmaklashish, olimlar faoliyati natijalari, intellektual mulk obyektlari, mahsulot va xizmatlarni ilgari surish, loyiha ijrochilariga ichki va tashqi bozorlarda natijalarni targʻib etishga koʻmaklashish, investitsiyalarni jalb etish va hamkorlarni topishda yordam koʻrsatish, qoʻshma biznes-missiyalar, B2B uchrashuvlar, pitch-sessiyalar va sohaviy konferensiyalar tashkil etish, qoʻllab-quvvatlash choralari, bozorlar va tartibga solish talablari toʻgʻrisida axborot almashish, qoʻshma taʼlim dasturlari, akseleratsiya dasturlari va stajirovkalarni, texnologik tanlovlar va loyihalarni amalga oshirishdan iborat.