”Innovatsiyalar vaqti 2025” forumida “Yashnobod” innovatsiya texnoparki ekotizimi tanishtirildi
12.12.2025
Forumda yetakchi xalqaro innovatsion ekotizim mutaxassislari, texnologiya sohasi ekspertlari, startaplar, investitsiya va biznes vakillari, shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy davlatlardagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda innovatsion kompaniyalar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalar, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, HR-tech, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda ilg‘or tajriba va amaliy echimlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida “Yashnobod” innovatsiya texnoparki direktori Sh. Abdulhamidov texnopark faoliyati, rezidentlar uchun yaratilgan infratuzilma va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, shuningdek, innovatsion loyihalarni rivojlantirish jarayoni hamda rezidentlikning ustunliklari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Forum yakunida ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, texnopark rezidentlari tomonidan yaratilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, shuningdek texnoparkning istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun, “Innovatsiyalar vaqti” xalqaro forumi innovatsion salohiyatni namoyish etish, ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga tatbiq etish hamda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, 2011-yildan buyon muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.