Hududdagi innovatsion korxonalar faoliyati tahlil qilindi
01.04.2026


Yashnobod innovatsiya texnoparki rezidentlari — “GROAL PYUS” MCHJ hamda “POWER CLASS” MCHJ korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati o‘rganildi. O‘rganish jarayonida korxonalarda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, ishlab chiqarish jarayonlari hamda mahsulot turlari bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur korxonalarda avtomobil sanoati uchun zarur bo‘lgan plastmassa buyumlaridan gilamchalar va yoritgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha 2 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlar mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayonida har bir ekstruder uskunasi orqali kuniga o‘rtacha 300 kilogrammdan 500 kilogrammgacha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Korxonalarning umumiy ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 500 tonnaga yetadi.
Loyihalarning umumiy qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Jumladan, “GROAL PYUS” MCHJ loyihasi qiymati 2 million AQSH dollari, “POWER CLASS” MCHJ loyihasi qiymati esa 3 million AQSH dollariga teng. Korxonalarda jami 100 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.
Ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sifatida polietilen va polipropilen ishlatiladi. Ushbu xomashyolar to‘liq mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, jumladan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va “Neftgazinvest” MCHJ korxonalaridan xarid qilinadi. Shu sababli xomashyoning import ulushi 0 foizni tashkil etadi.
O‘rganish davomida korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatga ega bo‘lib, yozning issiq kunlari, kuchli quyosh nuri, yomg‘ir, qor hamda qishning sovuq haroratlariga chidamliligi bilan ajralib turishi ta’kidlandi. Shuningdek, korxonalar tomonidan 50 dan ortiq mahsulot turlari uchun intellektual mulk huquqini himoya qiluvchi hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy iste’molchilari avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar, avtosalonlar hamda avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar hisoblanadi. Shuningdek, kelgusida eksport hajmini oshirish bo‘yicha ham rejalar mavjud.